Texnoman

Assalomu alaykum! Siz Axborot texnologiyalari sohasining o'zbek tilidagi bloggerlar portaliga tashrif buyurdingiz! Loyihamizning asosiy maqsadi haqida bu yerda o'qishingiz mumkin.

Kirish A'zo bo'lish


Farzandlarimiz bizdan ko'ra kuchli, dono, bilimli va albatta baxtli bo'lishlari shart.

- Islom Karimov


TATUda UzGeeks October2017 Meetupi bo'lib o'tdi

28-oktabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti katta anjumanlar zalida UzGeeks Community jamoasining navbatdagi UzGeeks October2017 Meetup bo'lib o'tdi. Bu galgi mitapga axborot texnologiyalari sohasining loyihalarni boshqarish, mobil qurilmalar uchun dasturlash va xavfsizlik yo'nalishlarida ko'p yillik bilim va tajribaga ega bo'lgan mutaxassislar taklif etildi. Malakali mutaxassislar mitap ishtirokchilari bilan o'z bilim va kasbiy mahoratlari bilan o'rtoqlashdilar.

1. SBS-Infosoft kompaniyasi xodimi Akrom Obidov avvalgi UzGeeks September2017 Meetupda boshlangan Delphi. Today mavzusidagi taqdimotini davomini taqdim etdi. Taqdimotda Delphi dasturlash tilining ko'plab platformalar uchun dasturlar yozish mumkinligi ko'rsatildi. Oxirgi vaqtlarda Delphi dasturlash tilida "qayta tug'ilishi" yuz berdi. Uning yangi talqinlari juda ko'plab yangi imkoniyatlar bilan boyitilgan. Delphi dasturlash tili dasturchilar orasida juda mashhur bo'lib, hozirda mamlakatimizda axborot texnologiyalari sohasi vakillarining ko'p qismi aynan shu dasturlash tilida dasturlashni o'rganishgan.

2. NetExtension kompaniyasi android dasturchisi Axrorxo'ja Yodgorov java dasturlash tilida reaktiv dasturlash uchun yaratilgan RxJava kutubxonasi bo'yicha RxJava - reaktiv hayotga yangicha nazar nomli taqdimotda reaktiv dasturlash, uning imkoniyatlari va yutuqlari, hamda, RxJava kutubxonasi haqida so'zlab berdi. Hozirgi kunda reaktiv dasturlash eng innovatsion dasturlash bo'lib, u axborot texnologiyalarining hamma yo'nalishlarida o'zining mustahkam o'rniga ega bo'lib bormoqda.

3. Intelligent research kompaniyasidan Dinis Minin, tadbirga tashrif buyurgan ishtirokchilarga O'zbekistonning va xorijiy ma'lum veb resurslarining xavfsizlik zaifliklari tahlili mavzusida oldindan tayyorlab kelingan qiziqarli taqdimot bilan qatnashdi. Ushbu taqdimotda O'zbekistonning bir nechta ommabop saytlarining xavfsizlik jihatdan kamchiliklari, u saytlarni yaratishdagi bir qancha xatoliklar haqida so'z bordi. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish yo'llari aytib o'tildi.


Bundan tashqari, mitapda taqdimotlar bilan qatnashgan mehmonlarga Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti ma'muriyati va UzGeeks Community tashkilotchilari tomonidan minnatdorchilik sifatida sertifikatlar topshirildi.


UzGeeks Community — bu respublikamizning barcha burchaklaridan bo'lgan axborot texnologiylari mutaxassislarini faoliyatlari davomida shu sohada orttirgan bilim va tajribalari, izlanishlar va axborot texnologiyalari sohasidagi eng so'ngi yangiliklar bilan bo'lishish, yosh mutaxassislarga, talabalarga nazariy bilimlarini amaliyotdagi qo'llanilishi, yangi texnologiya va metodologiyalar bilan tanishish imkonini beruvchi mutloq ochiq va bepul maydoncha. Shu bilan birga, axborot texnologiyalariga oid o'zbekcha sifatli resurslarni yaratishlar, borlarini to'ldirish jamoaning yana bir muhim yo'nalishlaridan biri hisoblanadi.

Qolaversa, hozirda, UzGeeks maydonchasi axborot texnologiyalari sohasiga yangi kirib kelayotgan yoshlarga, talaba-o'quvchilarga ham o'z bilimlarini oshirish, soha bo'yicha o'zlarini qiynagan savollarga ko'p yillik tajriba va bilimga ega bo'lgan professional mutaxassislardan javob olishlar imkonini ham beradi.

UzGeeks Community doirasida 3 yildan beri har oyda bir marta ochiq muloqot, bilim va malakalar bilan bo'lishish maqsadida mitap-tadbirlar tashkil etiladi. Shu bilan birga, ular onlayn tarzida ijtimoiy tarmoqlarda efirga uzatiladi. Ushbu tadbirlarda qatnashish mutloq bepul bo'lib, xohlagan ishtirokchi o'z shaxsiy professional tajribalaridan kelib chiqqan holda biror-bir mavzu bo'yicha taqdimot o'tkazib berishi yoki oddiy eshituvchi-ishtirokchi sifatida qatnashishi mumkin.

UzGeeks Community jamoasi ushbu tadbirni tashkil etishda yaqindan yordam bergan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti o'qituvchilari va rahbariyatiga minnatdorchilik bildiradi.

UzGeeks October2017 Meetup taqdimotlarini bu yerdan ko'chirib olishingiz mumkin.

UzGeeks Communityning keyingi mitap-tadbirlari noyabr, dekabr oylariga bo'lishi rejalashtirilgan.


WinStyle

Muallif haqida

WinStyle Java, Javascript, C++, MySql, NoSql, Oracle, Raspberry


Blogdagi so‘nggi maqolalar:


Fikrlar 1

UsmanovSirojiddin
UsmanovSirojiddin
Sizlardan iltimos bor edi shunday tadbirlarni videolavhalarini olib biror saytga joylashingizni surar edik. Agar joylangan bulsa bizlarga ham manzilini berishigizni suraymiz
Iltimos, fikr bildirish uchun saytga kiring yoki ro‘yxatdan o‘ting!