Texnoman

Assalomu alaykum! Siz Axborot texnologiyalari sohasining o'zbek tilidagi bloggerlar portaliga tashrif buyurdingiz! Loyihamizning asosiy maqsadi haqida bu yerda o'qishingiz mumkin.

Kirish A'zo bo'lish


Farzandlarimiz bizdan ko'ra kuchli, dono, bilimli va albatta baxtli bo'lishlari shart.

- Islom Karimov


Nega faqat o’zbek tilini bilgan holda dasturchi bo’lish mumkin emas?

Xorijiy tillarni bilish ko'pchilik sohada Sizga qo'shimcha imkoniyat yaratib berishi mumkin. Bunday sohalarda xorijiy tillarni bilishingiz Siz uchun shunchaki qo'shimcha qobiliyat hisoblanib, uning mavjud bo'lmasligi Sizni sohadan chiqib ketishga majbur qila olmaydi. Dasturchilikda esa hammasi aksincha.

O'zim bir necha yildan buyon dasturchilikni o'rganayapman. Imkon qadar ko'proq dasturlash tillarini bilib, o'zimga eng ma'qul bo'lganida professional darajaga yetishni maqsad qilganman. O'rganishim davomida juda ko'p martalab muammolarga duch kelaman va ularga yechim topish uchun yana ko'proq izlanish, o'rganish kerak bo'ladi. Internetda dasturchilikni bepul o'rganishingiz, har qanday muammoga yechim topishingiz, istalgan savolni ijtimoiy tarzda ommadan so'rashingiz mumkin. O'rganish va izlanishda hech qanday muammo yo'q, ammo xorijiy tillarni bilmaydigan o'rganuvchilar uchun til bilmaslik katta to'siq bo'lishi mumkin.

Tahminan bir yil avval men dasturchilikni bepul o'rgatadigan sayt tashkil qilmoqchi edim. w3schools.com saytini o'zbekchalashirib, huddi shu usulda o'zbek tilida so'zlashuvchi, xorijiy tilni bilmaydigan yoshlarga dasturlashning sodda tushunchalarini o'rgatishni maqsad qilgandim. Keyinchalik dasturchilik hech bo'lmaganda rus tilini yaxshi bilish orqali o'rganilishini, ingliz yoki rus kabi xorijiy tillarni bilmasdan dasturchilikni o'rganib bo'lmasligini anglaganimdan keyin harakatlarimni to'xtatgan edim.

Dasturchilikni o'zbek tilining o'zida o'rganishning imkoni hozircha yo'q. Chunki o'zbek tilidagi saytlarda dasturlash, dasturchilikka oid ma'lumotlar juda kam. O'rganishni endi boshlagan dasturchilarning bir muammoga duch kelganda kimdan savol so'rashi masalasi esa deyarli yechimi imkonsiz muammo hisoblanadi. Qachonlardir dasturlashni o'rganish uchun o'zbek tilining o'zi kifoya qilishi mumkin. Buning uchun dasturchilik haqida ko'plab ma'lumotlarni jamlagan saytlar huddi hozir klip va kino saytlari ommalashgandek rivojlanishi kerak.

Bugungi kunda dasturchilikni mukammal o'rganish uchun zarur bo'lgan xorijiy til – bu ingliz tili! Ingliz tilini 1) o'qiganini tushuna oladigan, 2) video darsni ko'rib, tinglab tushuna oladigan va 3) fikrini yozma ravishda ifoda eta oladigan darajada bilgan kishi dasturchilikni internet orqali o'rganishni boshlashi mumkin, deb hisoblayman. Rus tilini bilish ham huddi shu tarzda yordam berishi mumkin.

Ingliz tilini mukammal bilsangiz, dasturchilikni o'rganish uchun quyidagi saytlardagi darslarni tavsiya etaman: w3schools.com , tutsplus.com , tutorialspoint.com. Agar o'rganishingiz davomida muammoga duch kelsangiz, savol tug'ilsa, quyidagi saytlardan izlashingiz mumkin: stackoverflow.com , quora.com , reddit.com , codeproject.com , groups.google.com , coderanch.com , findnerd.com. Savol-javob saytlarida Siz duch kelgan muammo yuzasidan 99% holatda avvaldan savol so'ralgan va batafsil javob berilgan bo'ladi. Imkon qadar savol berishdan avval javoblarni izlab, o'rganib chiqishga harakat qiling.

Xulosa o'rnida maqolam sarlavhasidagi savolga javob bermoqchiman: dasturchilikni hozirgi holatda faqat o'zbek tilini bilgan holda o'rganish imkonsiz. Professional dasturchi bo'lib yetishishingiz uchun albatta rus yoki ingliz tilini mukammal bilishingiz shart. Dasturchilikni faqat o'zbek tilida o'rganish uchun bu soha bizda rivojlanishini bir necha o'n yil, balki yuz yil kutishingiz kerak bo'lishi mumkin. Yaxshiroq yechim esa rus yoki ingliz tilini yetarli darajada o'rganib, shu asosda dasturchilikni o'rganish bo'lib qolaveradi.

O'rganishdan hech qachon charchamang!

Manba:


JONNY

Muallif haqida

JONNY Arduino, Java, C#, Android, Windows, Linux, Debian, Javascript.


Blogdagi so‘nggi maqolalar:


Birinchi bo‘ling!

Iltimos, fikr bildirish uchun saytga kiring yoki ro‘yxatdan o‘ting!