manba

Internetdan xavfsiz foydalanish yo‘llari

Internetdan xavfsiz foydalanish yo‘llari

Internetning kashf etilishi insoniyat hayotida katta o'zgarishlarga sabab bo'ldi. Dunyo aholisining soni hozir yetti milliarddan oshgan bo'lsa, shundan uch milliarddan ziyodi internet tarmog'iga ulangan. 2014-yilgi statistikaga ko'ra, O'zbekistonda ham aholining 40 foizdan ortig'i internetdan foydalanadi va bu raqam yildan yilga o'sib bormoqda. Shunday ekan, internetning foyda va salbiy tomonlari haqida batafsilroq ma'lumot olishga ehtiyoj bor. Ayniqsa, o'zbek tilida bu mavzuda manbalar juda kam. Shu bois "Sahar" maktabi orqali sizlarga internetdan xavfsiz foydalanish mavzusida amaliy mashg'ulot o'tishni niyat qildik.

Internet nima uchun kerak va uning qanday foydalari bor?

Ko'pchilik internetdan yangiliklar o'qish, musiqa tinglash, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish kabi, asosan, ko'ngilochar maqsadlarda foydalanadi. Ammo internet insonlarga taqdim etadigan qulaylik va foydalar faqat bulardan iborat emas.

Oddiy elektron pochta (email) xizmatini olib ko'raylik. Bir necha soniya ichida maktub yozib, uni komputer yoki telefoningizdagi bitta tugmani bosish orqali dunyoning istalgan joyiga bir soniyada jo'natishingiz mumkin. Internetdan oldin bu mumkinmidi? Albatta, yo'q. Buning uchun ilgari an'anaviy pochta yoki telegraf xizmatlaridan foydalanish lozim bo'lgan. Hozir esa bunga hojat yo'q. Yoki internet orqali savdo qilishni olib ko'ring. Hozir uyingizda o'tirib, internet orqali istagan narsangizni sotib olishingiz va uyingizgacha olib kelib berishlarini buyurtma qilishingiz mumkin. O'zbekistonda ham internet orqali savdo asta-sekin rivojlangib boryapti. Asaxiy.uz, Udobno.uz kabi saytlarni shu yo'lda boshlangan dastlabki qadamlar deb aytish mumkin.

Internet nafaqat siz bilan biz kabi oddiy foydalanuvchilar tomonidan, balki xususiy va davlat kompaniyalari tomonidan ham keng qo'llanilmoqda. Hozir deyarli barcha yirik kompaniyalar o'z xodimlari va mijozlari bilan aloqalarni to'liq internet orqali olib boradi. Yangi mahsulotlarini internet orqali ommaga taqdim etadi, sotadi va boshqa turli xizmatlar ko'rsatadi. Internet hukumatlar ishlarini ham osonlashtirgan. Fuqarolarning deyarli barcha murojaatlari ko'p davlatlarda hozir elektron shaklda amalga oshirilmoqda. Bu qog'ozbozlik, fuqarolarning idoraga borib rasmiylar bilan yuzma-yuz ko'rishishi, navbat kutib uzoq o'tirishi kabi noqulayliklarni kamaytiradi. O'zbekistonda ham xuddi shu maqsadda my.gov.uz loyihasining boshlanganini ijobiy va quvonarli hol, deb aytishimiz mumkin.

Internetning qanday salbiy jihatlari bor?

Bu ommaviy kommunikatsiya turi dastlab paydo bo'lganda, aksariyat ishlarning elektron shaklga o'tishi oqibatida ko'plab ish o'rinlari boy beriladi, degan xavotirlar bo'lgan. Chunki internetdan oldin bu ishlar qog'ozlar orqali yoki ofis-idoralarda ishchi-xodimlar qo'li bilan amalga oshirilardi. Ammo internetning iqtisodiyot uchun, kompaniyalar uchun keltirgan ulkan foydasi bu xavotirlarni yo'qqa chiqardi. Endigi asosiy xavotir va tahdid internetda shaxsiy va biznes ma'lumotlarini almashishning qanchalik xavfsiz ekani haqida bo'lmoqda. Xavotirlar shu darajada oshdiki, hatto hukumatlar internet tahdidlarining oldini olish uchun ko'proq e'tibor va resurslar ajratmoqda. Kiber xuruj va kiber urush degan atamalar paydo bo'ldi. Bugungi muloqotimizda biz shu keng mavzuning oddiy internet foydalanuvchilariga tegishli bo'lgan qismiga, ya'ni internetda shaxsiy ma'lumotlar daxlsizligini ta'minlash yo'llariga e'tibor qaratamiz.

haxsiy daxlsizlik (Privacy) va internet xavfsizligi nima?

Internetda foydalanuvchilar uchun eng katta tahdid ularning shaxsiy ma'lumotlari boshqalarning qo'liga tushishi yoki oshkor qilinishi xavfi hisoblanadi.

Biz onlayn xizmatlardan foydalanganimizda, ijtimoiy tarmoqlar yoki elektron pochta orqali muloqot qilganimizda ko'plab shaxsiy ma'lumotlarimizni internetga kiritamiz. Bular shaxsiy suratlar, bank yoki moliya ma'lumotlari, sog'liqqa oid ma'lumotlar, do'stlarimiz bilan o'zaro maxfiy yozishmalarimiz yoki email va ayrim saytlarga kirish uchun ishlatiladigan login va parollar bo'lishi mumkin. Odatda, bu ma'lumotlarning xavfsiz saqlanishini onlayn xizmatni taqdim etuvchi saytlar ta'minlaydi, ammo shunday holatlar ham bo'ladiki, bu ma'lumotlaringiz istalmagan uchinchi bir tomon qo'liga o'tib qolishi va ular bu ma'lumotlardan g'arazli maqsadlarda foydalanishi mumkin.

Demak, faqat o'zimizgagina tegishli bo'lgan, boshqalarga bizning roziligimizsiz berilmaydigan barcha ma'lumotlar bizning shaxsiy mulkimiz hisoblanadi va ular ustidan shaxsiy daxlsizlik huquqiga egamiz.

Shaxsiy ma'lumotlarning oshkor bo'lishi o'z aybingiz bilan yoki xakerlar kabi maxsus hujum uyushtiruvchi shaxs yoki shaxslar xatti-harakati natijasida sodir bo'lishi mumkin. Shaxsiy ma'lumotlarning oshkor bo'lishi sizga moddiy va ma'naviy zarar keltirishi mumkin.

Bitta misol keltiramiz. Masalan, siz ijtimoiy tarmoqdan foydalanish tartibini yaxshi tushunmasdan, faqat do'stimga yuboryapman, degan ishonch bilan ayrim shaxsiy surat yoki ma'lumotlarni hamma ko'radigan joyga joyladingiz. Yoki hech kimga ko'rinmaydi, deb o'ylab, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim saytlarga qo'yilgan shubhali havolalar ustiga bosdingiz; bilmasdan uni o'z sahifangizda baham ko'rdingiz yoki ehtiyotsizlik bilan shubhali saytni ochganingiz uchun sizning roziligingizsiz bu sayt haqidagi ma'lumotlar hammaga ko'rinadigan sahifangizda paydo bo'lib qoldi. Shaxsiy hayotingizga taalluqli bo'lgan bunday ma'lumotlarning boshqalarga oshkor bo'lishi sizning obro'ingizga putur yetkazishi yoki siz haqingizda boshqalarda salbiy tasavvur hosil bo'lishiga olib kelishi mumkin. Bu ma'naviy zarar hisoblanadi. Bundan tashqari, bu kabi ehtiyotsizlik natijasida sizning nomingiz bilan turli taqiqlangan saytlarga tashrif buyurishlari mumkin.

Moddiy zararga bir misol. Agar elektron pochtangizga kelgan shubhali maktubdagi havolani bosib, uni ochsangiz va natijada shaxsiy ma'lumotlarni o'g'irlashni maqsad qilgan zararli dastur kompyuteringizga o'rnashib olsa, u kompyuteringiz va elektron pochtangizdagi barcha shaxsiy ma'lumotlarni ko'chirib, ushbu dastur ortida turgan shaxslarga jo'natishi mumkin. O'g'irlangan ma'lumotlar orasida bank va kredit karta ma'lumotlari bo'lishi mumkin va ulardan foydalangan holda kiberjinoyatchilar pulingizni o'marishi turgan gap.

Kiber hujumlar ortida kimlar turadi?

Oddiy odamlarni nishonga oluvchi internet xurujlari ortida, asosan, moddiy boylik orttirishni maqsad qilgan jinoiy shaxs yoki guruhlar turadi. Ular odamlarning elektron pochtalari, kompyuter yoki boshqa elektron qurilmalariga kirib olib, shaxsiy ma'lumotlarni o'girlashadi va shu orqali ularning bank yoki kredit karta ma'lumotlarini topib, ulardan pul o'marishadi. Shaxsiy ma'lumotlar, surat va videolarni o'g'irlab, ularni tarqatib yuborish tahdidi bilan odamlarni shantaj qilib, pul talab qilishlari ham mumkin.

Hukumat idoralari ham noqonuniy faoliyat bilan shug'ullanuvchi shaxslarni topish uchun internetdan keng foydalanmoqda. Agar shubhali yoki bahsli sayt va onlayn resurslardan foydalansangiz va ulardan qanday xavfsiz foydalanish yo'llarini bilmasangiz, hech qanday jinoyat sodir qilmagan taqdiringizda ham, xavfsizlik idoralari e'tiboriga tushib qolishingiz mumkin va bu siz uchun istalmagan noxushliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Internet xavfsizligi nima uchun kerak?

Yuqorida tilga olingan noxush holatlarning oldini olish uchun internetdan xavfsiz foydalanish yo'l-yo'riqlarini bilish kerak.

Virus va zararli dasturlar hujumidan saqlanish uchun, odatda, maxsus himoya dasturlaridan foydalaniladi. Ammo bu kabi tahdidlarga qarshi eng yaxshi himoya vositasi – internet gigienasiga rioya qilishdir. Ya'ni, internetdan to'g'ri foydalanish qoidalarini bilsangiz va shubhali manbalarni ishonchli saytlardan farqlay olsangiz hamda ularga duch kelganda nima qilish lozimligini bilsangiz, kiber xurujlar qurboni bo'lishingiz ehtimoli juda kam.

Emaildan xavfsiz foydalanish yo'llari

Elektron pochta – internetning eng qulay, eng kerakli va barcha internet foydalanuvchilari ishlatadigan aloqa vositasi hisoblanadi. Internetning boshqa har qanday xizmatidan foydalanish uchun, masalan, ijtimoiy tarmoqqa a'zo bo'lish, onlayn savdoni amalga oshirish kabi faoliyatlar uchun, avvalo, elektron pochta manziliga ega bo'lishingiz kerak.

Elektron pochta orqali keladigan xavf turlari

Email orqali keladigan tahdidlarni bir necha turga bo'lish mumkin:

Spam – Elektron pochtangizga kelgan va siz olishni istamagan har qanday maktubni "spam" deyish mumkin. Odatda, turli yo'llar bilan odamlarning elektron pochta manzillarini yig'gan guruhlar ulkan emaillar jamlanmasiga ommaviy maktublar yuborishadi. Spam shaklida kelgan maktublar zararsiz bo'lishi va ulardagi ma'lumotlar faqat qaysidir mahsulotning oddiy reklamasi bo'lishi ham mumkin. Ammo siz bu kompaniya mahsuloti haqida reklama olishni istamagansiz va sizning roziligingizsiz email manzilingizni qayerdandir olishib, sizga bu ma'lumotlarni yuborishayotganlari bois, bunday maktublar "spam" hisoblanadi.

Masalan, sizga qanaqadir farmatsevtika kompaniyasidan dorilar ro'yxati va ularning narxi ko'rsatilgan maktub keldi. Sizning bu kompaniyaga hech qanday aloqangiz yo'q yoki ularning mijozi emassiz. Demak, email mangizlingizni qayerdandir qo'lga kiritishgan va sizga reklama sifatida o'z mahsulotlarini reklama qilib xat jo'natishgan. Aslida bu xatda hech qanday zararsiz ma'lumot yo'q, lekin istalmagan axborot sifatida bunday xat ham "spam" hisoblanadi.

Ko'plab davlatlarda hatto odamlarning roziligisiz bunday maktublarni yuborish taqiqlangan. Lekin internetdek chegarasiz olamda odamlardan bunday qoidalarga rioya qilishini kutmaganingiz ma'qul.

Unutmang, "spam" maktublarda shaxsiy ma'lumotlarni o'g'irlashni maqsad qilgan dasturlar joylangan bo'lishi ham mumkin.

"Spam"dan himoyalanish yo'llari:

  • Shaxsiy elektron pochta manzilingizni hech qachon hamma ko'radigan joylarga – ijtimoiy tarmoq, sayt va ommaviy forumlarga qo'ymang.
  • Internet xizmatlaridan foydalanishda faqat siz uchun kerakli va xavfsiz ekaniga ishonchingiz komil bo'lgan saytlargagina obuna bo'ling. Ya'ni internetda email manzilingizni kiritish so'ralgan har qanday joyga email manzilingizni kiritavermang. Chunki "spam" maktub jo'natish uchun email yig'adigan soxta sayt va xizmatlar ko'p.
  • "Spam" maktublardagi internet manzillari biriktirilgan havolalarni ochmang. Ular orqali komputeringizga ma'lumot og'irlovchi dasturlar o'rnashib olishi mumkin. Hatto "Obunani to'xtating" (Unsubscribe) deb yozilgan havolalarni ham bosmang. Ular sizni aldash uchun shunday so'zlarni yozib qo'yadi, ya'ni aslida siz zararli dastur joylashgan manzilning havolasiga kirayotgan bo'lishingiz mumkin.

Phishing – Bunday tahdid turi email orqali keladigan eng katta xavflardan biri bo'lib, odamlarning shaxsiy ma'lumotini o'g'irlashga qaratilgan bo'ladi. "Phishing" maktublar sizga tanish bo'lgan tashkilot yoki muassasa nomidan yuborilgandek tasavvur uyg'otadi. Masalan, siz biror bank yoki moliyaviy tashkilot bilan ishlayotgan bo'lsangiz, sizga shu bank nomidan maktub yozib, shaxsiy bank ma'lumotlaringizni so'rashlari yoki havola orqali saytlariga kirib qo'shimcha ma'lumot berish yoki olishni iltimos qilishlari mumkin. Agar maktubdagi havolaga bossangiz, kompyuteringizga ma'lumot o'g'irlovchi zararli dastur o'rnatilishi hech gap emas. Bunday maktublarning professional tarzda yozilishi, ularda haqiqiy tashkilotlarnning logo rasmlari va jismoniy manzillari qo'yilgani sizni aldab qo'ymasligi kerak.

"Phishing"dan himoyalanish yo'llari:

  • "Phishing" sifatida ko'ringan shubhali maktublardagi havolalarni hech qachon bosmang.
  • Bunday maktublarga javob bermang va ular so'ragan ma'lumotlarni (masalan, bank va kredit karta ma'lumotlari, parol va hokazo) yubormang.
  • Maktubning tuzilish shaklini tekshiring: professional va imloviy xatolarsiz yozilganmi? Mazmuni va shakli siz bilan tashkilot yoki kompaniya uslubiga to'g'ri keladimi? Unutmang, imloviy xatolarsiz yozilgani ularning haqiqiy va ishonarli maktub ekaniga asos bo'la olmaydi.
  • Maktubning qanchalik haqiqiy ekaniga ishonch hosil qila olmasangiz, unga javob berish yoki undagi havolani ochib ko'rishdan oldin, shu maktubni yu'organ tashkilot yoki kompaniyaga telefon yoki boshqa yo'l bilan bog'lanib, bu maktubning haqiqatdan ham ulardan kelgan yoki kelmaganini tekshiring.
  • Maktub yuborilgan pochta manzili siz bilgan kompaniya saytining nomi va domeni bilan mosligini tekshiring. Masalan, www.saharschool.org saytiga tegishli haqiqiy elektron pochta info@saharschool.org yoki admin@saharschool.org kabi manzillardan keladi. Birinchi qismi istalgan so'z bo'lishi mumkin, ammo elektron pochta belgisidan (@) keyin keladigan qismiga diqqat qarating. "Phishing" maktublarda saharschol.org yoki saharschool.com kabi asl manzilga yaqin, ammo aynan o'zi bo'lmagan boshqa yasama saytlar asosida olingan elektron manzildan foydalanishlari mumkin. Saytlarning haqiqiyligini tekshirishda ham shunga rioya qilish mumkin.
  • Maktubda havola biror so'z ostiga yashiringan bo'lsa, uning qaysi manzilga olib borishini bilishni istasangiz, havolani bosmasdan turib sichqoncha belgisini havola yashiringan so'z ustiga olib boring. Shunda brauzer ostida chap tomonda havola joylashgan manzil ko'rinadi. Sayt manziliga qarab, uning haqiqiy yoki haqiqiy emasligini bilishingiz mumkin. Unutmang, saytning haqiqiy ekaniga to'liq ishonch hosil qilmaguningizcha, uni ochmang.

Spoofing – Siz taniydigan kimdandir kelgan, lekin aslida u odam jo'natmagan maktublar "spoofing" deyiladi. Xakerlar yoki zararli dasturlar tanishingizning elektron manzili ustidan nazorat o'rnatib, uning nomidan sizga zararli maktublar jo'natayotgan bo'lishi mumkin. Yoki aksincha, sizning elektron manzilingiz zararli dasturlar ixtiyoriga o'tib, sizning nomingizdan boshqalarga shunday maktublar ketishi ham mumkin. Bu nafaqat elektron pochta orqali, balki ijtimoiy tarmoqlardagi maktub yuborish yoki xabar chop etish xizmatlari orqali ham yuz berishi mumkin.

"Spoofing"dan himoyalanish yo'llari:

  • Do'stingiz yoki tanishingiz yuborgan maktub shubhali ko'rinsa, unga javob bermang yoki undagi sayt manzilini ochmang.
  • Bu xatning qanchalik haqiqiyligini tekshirish uchun do'stingizga telefon yoki boshqa aloqa yo'llari orqali bog'lanib so'rang.
  • Agar elektron pochtangizdan siz bexabar boshqa odamlarga "spoofing" maktub borganini yoki borayotganini payqasangiz, zudlik bilan elektron pochtangiz parolini o'zgartiring va bu xat ketgan odamlarga qayta bog'lanib, maktubni siz yubormaganingiz haqida ogohlantirib qo'ying.

Elektron pochta xavfsizligi bo'yicha qo'shimcha tavsiyalar

  • Email manzilingizga kuchli parol o'rnating. Parol uchun sodda so'z yoki raqamlardan foydalanmang. "SplashData" firmasi ma'lumotiga ko'ra, o'tgan yili eng ko'p ishlatilgan parollar 12345, 12345678 va qwerty bo'lgan. Bunday parollarni buzish yoki qo'lga kiritish uchun esa xaker bo'lish shart emas. Iloji boricha, parolingizda bosh harflar, raqamlar va maxsus belgilar jamlanmasidan foydalaning. Masalan, "yaxshilik" degan oddiy so'z va harflardan iborat parolni "YaxshiliK1!" shaklida har xil belgilardan iborat murakkab parolga aylantirishingiz mumkin.
  • Elektron pochta parolidan boshqa sayt yoki onlayn xizmatlarda foydalanmang. Har bir sayt uchun alohida parol tanlashingizni tavsiya qilamiz.
  • Yodda tutish uchun parollarni kompyuteringizda yoki boshqa onlayn va elektron qurilmalarda saqlamang. Ularni qog'ozga yozib oling va hech kim bilmaydigan joyda saqlang.
  • Jamoat komputerlaridan foydalanganda har doim ishlatib bo'lgandan so'ng saytdan yoki elektron pochtadan chiqishni unutmang. Buning uchun "Chiqish", Log out" yoki "Vixod" tugmalarini bosishingiz kerak. Tizimdan chiqmasdan turib oynani (brauzerni) yopsangiz, undagi barcha ma'lumotlaringiz saqlab qolinadi va sahifani kimdir qayta ochganda sizning ma'lumotlaringiz chiqib keladi. Jamoat komputerlari deganda kutubxona, internet kafelaridagi yoki birovga tegishli bo'lgan komputerlarni tushunish mumkin.
  • Bir necha odamga bitta maktubni yuborishni istasangiz, e-mail manzillari hammaga ko'rinishi mumkinligini hisobga oling. Maktub olgan tomon bu maktub yuborilgan boshqa emaillarni ko'rmasligi istasangiz, pochta manzilllarini "Bcc" (Gmail va Yahoo kabi ingliz tilidagi pochta xizmatlarida) yoki "Скрытая копия" (Mail.ru kabi rus tilidagi pochta xizmatlarida) qatoriga kiriting. Shunda bitta maktubni olgan bir necha odam bir-birining elektron pochta manzilini ko'rmaydi. Bu muhim, chunki maktub yuborilgan tomonlar email manzilining o'zi bilmagan boshqa odamlarga ko'rinishini istamasligi mumkin.aa

Internet brauzeridan xavfsiz foydalanish

Bu bo'limda biz internet brauzerlari haqida so'z yuritamiz. Brauzer bu internetga kirish va veb-sahifalarni ko'rish uchun ishlatiladigan dasturdir. Eng mashhur brauzerlar qatorida Internet Explorer, Firefox, Google Chrome, Opera, Safari kabi dasturlarni sanash mumkin. Bu brauzerlarning hammasi bir xil vazifani bajarsa-da, ular bir-biridan internetga ulanish tartibi, qo'shimcha xizmatlari va ko'rinishi bilan farq qiladi. Quyida internet brauzerlari bilan ishlaganda xavfsizlik yuzasidan e'tibor berish lozim bo'lgan ayrim jihatlarni eslatib o'tamiz.

Har bir brauzer u yerda amalga oshirgan ishlaringiz tarixini, tashrif buyurilgan sahifalar va qidirlgan kalit so'zlarni o'zida saqlab qoladi. Siz ochgan har bir sahifa internet provayderi va brauzer provayderiga ma'lum bo'ladi va ular serverlarda doimiy saqlanib qolishi mumkin. Demak, saytlarga qilayotgan tashriflaringiz hech qachon shaxsiy va maxfiy bo'lmaydi. Shuning uchun qanday saytlarga kirayotganingiz haqida mas'uliyat bilan ish tutishingiz kerak.

Kompyuteringizga boshqa odam kirganda, brauzeringiz tarixi ularga ko'rinmasligini istasangiz yoki jamoat kompyuterlarida internetdan foydalanganingizda brauzerlarning "Private" (Maxfiy) degan alohida oynasidan foydalanishingiz mumkin. Hozir barcha ommabop brauzerlarda bunday maxfiy oynalarni ochish imkoniyati mavjud. "Private" oynasida ochilgan barcha saytlar, parol va login ma'lumotlari oyna yopilgandan keyin o'chib ketadi. Unutmang, maxfiy oyna ma'lumotlaringizni internet provayderi yoki brauzer provayderidan yashira olmaydi. U faqat ma'lumotlaringiz brauzerda saqlanib qolmasligini kafolatlaydi, xolos.

Emaildan xavfsiz foydalanish bo'limida aytganimizdek, brauzerlar orqali ham viruslar, shaxsiy ma'lumotingizni o'g'irlashga qaratilgan "phishing" va zararli dasturlar joylashgan saytlar kabi tahdidlar bilan yuzlashasiz. Ularga qarshi himoyalanishda quyidagi maslahatlarga amal qiling.

  • Avvalo, saytning xavfsiz yoki xavfli ekanini aniqlashda oddiy aql bilan yondashib ish tuting. Shubhali saytlarda, odatda, yolg'on ma'lumotlar yoki to'g'ri bo'lishi ehtimoli juda kam bo'lgan gaplar (masalan, lotereya yutib olganingiz haqidagi xabar) bo'ladi. Bunday saytlarga tasodifan kirib qolsangiz, undagi hech bir havolani bosmasdan, saytni darhol yopishingiz kerak.
  • Agar vebsayt biror tashkilot yoki kompaniyaga tegishli ekani da'vo qilingan bo'lsa, uning nomi to'g'ri yozilganmi, farqli yoki imloviy xatolar bilan yozilmaganmi, shuni tekshiring. Qaysidir haqiqiy bir tashkilot nomini o'g'irlab, ular nomidan yaratilgan qalbaki saytlarda, odatda, haqiqiy kompaniya sayti nomidagi ayrim harflar o'zgartirilgan shaklda bo'ladi. Masalan, saharschool.org sayti haqiqiy bo'lsa, uning soxta ko'rinishi www.saharschol.org yoki www.saharschool.com shaklida bo'lishi mumkin.
  • Agar sayt http:// belgisi bilan boshlangan bo'lsa, saytning shubhali ekani ehtimoli yanada oshadi. Ishonchli va katta saytlarning deyarli barchasi hozir https:// protokoli bilan ochiladi. https belgisi saytning xavfsizlik sertifikatiga ega ekanini bildiradi.
  • Biror saytga kirish uchun uning sizga ma'lum manzilini brauzerga yozib kiritganingizda, ENTER tugmasini bosishdan oldin, manzilni to'g'ri yozganingizga yana bir bor ishonch hosil qiling. Agar bir dona so'zni xato yozgan bo'lsangiz, haqiqiy saytga o'xshagan, lekin qalbaki bo'lgan boshqa bir saytga kirib qolishingiz mumkin.
  • Pul o'tkazish xizmatlari orqali pul yuborishni talab qiladigan saytlar, odatda, soxta bo'ladi. Masalan, sizga xorijdan ish topib berishni va'da qilgan va xizmat haqi uchun Moneygramdan pul yuborishingizni so'ragan saytdan ehtiyot bo'ling.
  • Brauzeringizni muntazam yangilab turing. Uning yangi versiyasi chiqsa, uni saqlab olib, shu yangisini o'rnating.

Komputer qurilmalaridan xavfsiz foydalanish

Brauzer orqali internetdan kirib kelgan zararli dasturlar, odatda, kompyuter yoki boshqa elektron qurilmangizga o'rnashib olib, uning xotirasidagi shaxsiy ma'lumotlarni qidirib topishga va ularni jinoiy egalariga jo'natishga urinadi. Buning oldini olish uchun qurilmalarni qanday himoyalash lozimligi haqida ham ayrim maslahatlarni beramiz.

Komputer va noutbuklarni himoyalash yo'llari:

  • Kompyuter yoki noutbukingizdagi "Firewall" himoya dasturi doim yoniq tursin. U internet va boshqa tarmoqlardan keladigan hujumlarni qaytarishda eng samarali qurol hisoblanadi. Odatda, Windows va Mac operatsion tizimlarida "Firewall" dasturi oldindan o'rnatilgan bo'ladi.
  • Komputer/noutbukingizga antivirus dasturini o'rnating. Windows 7 va undan yuqori versiyadagi operatsion tizimlarga antivirus dasturi (Windows Defender) o'rnatilgan bo'ladi va ular, odatda, deyarli barcha internet tahdidlarini qaytarishga kifoya qiladi (Albatta, internetdan mas'uliyat bilan foydalanganingizda). Mac operatsion tizimida ishlovchi kompyuterlar ham internet tahdidlariga bardoshli ekani bilan taniqli va odatda, ularga ham qo'shimcha antivirus dasturini o'rnatishga hojat bo'lmaydi. Windowsning boshqa, eskiroq versiyalarini ishlatuvchi foydalanuvchilarga ayrim bepul antivirus dasturlarini tavsiya qilamiz:

1. Avast! Free Antivirus: https://www.avast.com/

2. AVG Antivirus: http://www.avg.com/affiliate/ww-en/free-antivirus-download

  • Internetdan bo'ladigan yangi tahdidlarga qarshi muhim himoya vositalariga ega bo'lish uchun operatsion tizimdagi yangilanishlarni (update) o'z vaqtida ko'chirib olib, tizimni yangilab boring.
  • Shubhali narsalarni, dasturlarni aslo komputer/noutbukingizga ko'chirib olmang va ularni o'rnatmang. Ular ma'lumot o'g'irlovchi yoki komputeringizni buzuvchi zararli dasturlar yoki viruslar bo'lishi mumkin. Antivirus dasturlari o'rnatilgan taqdirda ham, ayrim viruslar o'tib ketishi mumkin.
  • Ishlatmayotgan paytingiz komputer yoki noutbukingizni o'chirib qo'yishga odatlaning.
  • Birovlarning diski yoki USB-drive xotira fleshkalarini komputer/noutbukingizga ulashda ehtiyot bo'ling. Ular virus bilan zararlangan bo'lishi mumkin.
  • Agar bitta komputerni birdan ortiq odam ishlatsa, har bir foydalanuvchi uchun alohida profil (account) oching.
  • Komputerdagi ma'lumotlarni har doim saqlab (backup) qo'ying. Ularni alohida xotira disklarida yoki onlayn axborot saqlash saytlariga ko'chirib qo'yishingiz mumkin. Google Drive va Dropbox kabi ma'lumot saqlash xizmatini taqdim etuvchi saytlarda bepul 15-20 Gigabaytgacha joy olishingiz mumkin.

Mobil qurilmalarni himoyalash yo'llari:

Yangi avlod vakillari borgan sari internetga, asosan, mobil qurilmalar orqali kirishga odatlanmoqda. Kompyuterlar orqali bajariladigan barcha ishlarni, masalan, savdo qilish, bank xizmatlaridan foydalanish, ijtimoy tarmoqlarga kirish kabi faoliyatlarning barchasini hozir maxsus dastur-ilovalar yordamida telefon yoki planshet orqali amalga oshirish mumkin. Sunday ekan, ularni ham himoyalashga ehtiyoj borgan sari oshib bormoqda. Quyida mobil qurilmalarni qanday himoya qilish bo'yicha ayrim maslahatlarni beramiz.

  • Telefon yoki planshetingiz ekranini doim parol bilan qulflashga odatlaning. Parolingiz murakkab bo'lishiga diqqat qarating. Ishlatmayotgan paytingiz, qurilma ekrani avtomatik qulflanadigan bo'lsin.
  • Telefoningizni boshqalarga bermang.
  • Undagi ma'lumotlarni kompyuterga yoki onlayn axborot saqlash saytlariga ko'chirib boring. Masalan, Apple mobil qurilmalarida iCloud xizmati orqali ma'lumotlaringizni onlayn serverlarga ko'chirib o'tkazish va ularni maxsus kodlar yordamida shifrlab qo'yish (encryption) mumkin. Andoid tizimidagi telefon egalari esa Google Drive yoki boshqa axborot saqlovchi xizmatlardan foydalanishlari mumkin.
  • Nozik va shaxsiy ma'lumotlar mavjud sms-xatlari yoki elektron maktublarni telefoningizda saqlamang. Ularni o'chirib tashlang. Bunday xat yuborganlarni bloklab qo'yishingiz ham mumkin.
  • Shubhali bo'lgan dastur-ilovalarni ko'chirib olmang. Shubhali saytlarga kirmang.
  • Maxsus dastur yordamida telefoningizdan o'chib ketgan rasmlar, maktublar, telefon raqamlari kabi ma'lumotlarni maxsus dastur yordamida qayta tiklashingiz mumkin.
  • Telegram, Whatsapp kabi dasturlardan yoki Facebook, Odnoklassniki kabi ijtimoiy tarmoqlardan ro'yxatdan o'tishda faqat o'z telefon raqamingizdan foydalaning. Chunki boshqa birovning raqamidan foydalansangiz, ular shu raqam orqali sizning parolingizni qo'lga kiritishi yoki siz bexabar bu dastur va tarmoqlardagi sizning profilingizga kirib, faoliyatingizni kuzatishi mumkin.

Telefon yo'qolganda nima qilish kerak?

Agar telefon yoki boshqa mobil qurilmangiz yo'qolib qolsa, avvalo, qurilmangiz mana shunday holatlarda ko'rish lozim bo'lgan choralarga tayyor turishi kerak. Ya'ni, oldindan uni yo'qolib qolganda amalga oshirish lozim bo'lgan ishlarga tayyorlab qo'yishingiz kerak. Apple va Android telefonlari uchun bu borada alohida maslahatlar:

Apple:

  • "Telefonimni top" (Find my iPhone) xizmatini ishga tushiring. Bu xizmat orqali yo'qolgan telefonning qayerdaligini internet orqali topishingiz mumkin. Shuningdek, ekranini avtomatik qulflab, topib olgan odam sizga bog'lanishi uchun ekranda sizning tel. raqamingiz yoki email manzilingiz ko'rinadigan qilish mumkin. Bundan tashqari, internet orqali telefoningiz ichidagi barcha ma'lumotlarni butunlay o'chirib tashlashingiz ham mumkin.
  • iCloud xizmati orqali barcha ma'lumotlaringizni saqlab boring. Telefoningiz yo'qolgan va qayta topilmagan taqdirda, uning ichidagi barcha ma'lumotlarni iCloud orqali boshqa telefoningizga ko'chirib olishingiz mumkin.

Android:

  • "Google"ning "Android Device Manager" xizmati yoki boshqa yo'qolgan telefonni topishga xizmat qiluvchi dasturlar yordamida yo'qolgan telefoningizni topishingiz, uni qulflab qo'yishingiz yoki undagi ma'lumotlarni o'chirib tashlashingiz mumkin.
  • Android qurilmangizdagi ma'lumotlarni ham vaqti-vaqti bilan boshqa joyga saqlab turishni unutmang. Uni komputeringizga yoki yordamchi dastur-ilovalar yordamida onlayn axborot saqlash saytlariga ko'chirib o'tkazib qo'yishingiz mumkin. Androidning ichki sozlamalar (Settings) paneli orqali ham "Google"da ochilgan profilingiz bilan bog'liq barcha ma'lumotlarni saqlab qo'yishingiz mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlar xavfsizligi

Ijtimoiy tarmoqlar bugun ko'pchilik uchun internetning asosiy qismiga aylanib ulgurdi. Ya'ni ko'plab foydalanuvchilar bugun internetga, asosan, ijtimoiy tarmoqlarda vaqt o'tkazish uchun kiradi: yangiliklarni ham, video va boshqa ko'ngilochar ma'lumotlarni ham shu tarmoqlardan oladi; do'stlari bilan gaplashadi, suhbat quradi va hokazo.

Ommaviy ijtimoiy tarmoqlarga misol sifatida Facebook, Twitter, Odnoklassniki, Vkontakte va Muloqot kabi saytlarni keltirish mumkin. Internet foydalanuvchilarining shaxsiy daxlsizligiga eng katta tahdid hozir ana shu tarmoqlardan kelishi mumkin. Chunki eng ko'p shaxsiy ma'lumotlaringiz, suratlaringiz va hatto kredit karta va bank ma'lumotlaringizni shu saytlarga kiritgan bo'lishingiz mumkin. Demak, bu ma'lumotlar pand bermasligi uchun ijtimoiy tarmoqlardan ehtiyotkorlik bilan foydalanish kerak. Bu borada sizga bir necha maslahatlarimiz bor:

  • Ijtimoiy tarmoqlarga, imkoni boricha, shaxsiy ma'lumotlaringizni kamroq joylashtiring. Shuni unutmaslik kerakki, ijtimoiy tarmoqlar xavfsizlik choralarini qanchalik kuchaytirmasin, u yerga joylashtirilgan ma'lumotlaringiz hech qachon to'la xavfsiz bo'la olmaydi. Eng yomon holatda sayt xakerlar hujumiga uchrab, undagi yashirin suratlaringiz, yashirin yozishmalaringiz bir kunda butun dunyoga oshkor bo'lib ketishi hech gap emas.
  • Bu yerning ommaviy maydon ekanini unutmang. U yerga biror surat yoki gap yozib qoldirdingizmi, u endi internet serverlariga muhrlanib qoladi va bu gap-ma'lumotlarni sahifangizdan o'chirib yuborgan taqdiringizda ham, u server xotiralaridan o'chmasligi mumkin. Shuning uchun har qanday gap-so'zni yozishdan oldin yetti o'lchab bir kesing.
  • Saytda ro'yxatdan o'tishdan oldin tarmoqdan foydalanish qoidalari bilan tanishib chiqing. Uzundan uzoq bu qoidalarni ko'pchilik o'qimaydi, ammo bunday saytlar, odatda, mas'uliyatni zimmalaridan soqit qilish uchun ko'p masalalarda to'liq mas'uliyatni foydalanuvchi zimmasiga yuklaydi. Masalan, tarmoqqa qo'yilgan har bir surat saytning mulkiga aylanadi, degan shart bo'lishi mumkin. Agar bu kabi shartlarga rozi bo'lmasangiz, saytga a'zo bo'lmang.
  • Saytning sozlamalar panelidan (Settings) xavfsizlik bo'yicha mavjud imkoniyatlarni o'rganib chiqing. Yozayotganlaringiz yoki sahifangiz kimlarga ko'rinadi, kimlar sizga xat yoza oladi kabi masalalarda shu paneldan o'zingizga mos holatni tanlab olishingiz mumkin.
  • Shubhali havolalarni ochmang. Ular tarmoqdagi profilingizga kirishni ko'zlovchi zararli dasturlar bo'lishi mumkin. Bu esa sizning nomingizdan do'stlaringizga istalmagan xat va havolalar ketishiga sabab bo'lishi mumkin.
  • Do'slaringiz bilan qiladigan maxfiy chatlaringiz ham, aslida, kuzatuvdan xoli emas. Sayt ma'muriyati yoki hukumat idoralari, xohlasa, bu ma'lumotlarni ochib ko'ra olishlari mumkin.

Xulosa

Internetning insoniyat uchun foydasi va imkoniyatlari kundan kunga oshib bormoqda. Shu bilan birga xavfsizlik borasida ham muammolar kamaygani yo'q.

Barcha kerakli avtiviris va boshqa axborot xavfsizligini ta'minlovchi dasturlarga ega bo'lsangiz ham, sizning internetdagi faoliyatingiz hech qachon 100 foiz xavfsiz bo'lmaydi. Parolni kuchli tanlash yoki zararli saytlarga kirmaslik orqali sizga bo'ladigan xavf darajasini minimumga tushirishingiz mumkin, ammo agar xakerlar shaxsan sizini hujumga olishni qasd qilsa, ular tahdididan omon chiqishingiz ehtimoli juda kam. Albatta, oddiy odamlarning qasddan qilingan xakerlar hujumiga duch kelishi deyarli uchramaydi. Shuning uchun xulosa sifatida sizga internetdan xavfsiz foydalanish bo'yicha so'nggi tavsiyalarimizni taqdim etamiz.

  • Imkoni boricha shaxsiy ma'lumotlaringizni internet saytlariga va tarmoqlariga kamroq kiriting.
  • Notanish odamlar bilan muloqot qilmang va ulardan kelgan elektron pochta maktublaridagi sayt manzillarini va ilova qilingan fayllarni aslo ochmang. So'nggi paytlarda hatto o'zbek tilida ham spam va zararli emaillar kelmoqda.
  • Shaxsiy maktublaringiz va chatdagi muloqotlaringizni siz va siz aloqa qilayotgan odamdan boshqa hech kim bilmaydi, deb o'ylamang. Har bir yozgan gap-so'zingiz otilgan o'qdek qayergadir borib saqlanib qoladi yoki kimlardir zimdan kuzatayotgan bo'lishi mumkin.
  • Internetni mas'uliyat bilan ishlating. O'z so'zingizning ortida tura olmasangiz, ya'ni internetda yozgan so'zingiz yoki amalga oshirgan xatti-harakatingiz uchun omma oldida ham uyalmasdan, qo'rqmasdan javob bera olishga ko'zingiz yetsagina, internetda shunday faoliyat bilan mashg'ul bo'ling. Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda boshqalar bilan bahslashganingizda, kimlarnidir yoki nimalarnidir tanqid qilganingizda, shunday holatlarga duch kelishingiz mumkin.
  • Internetda noqonuniy faoliyat turlari bilan shug'ullanmang. Nimalar noqonuniy faoliyat turiga kirishi mumkin? Masalan, pornografiya tomosha qilish, zo'ravonlikka, diniy ekstremizga targ'ib etuvchi materiallarni o'qish yoki tarqatish jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaruvchi oqibatlarga olib borishi mumkin. Demak, internetda ham qonunga itoatkor fuqaro bo'ling.
Manba:


JONNY - Texnoman foydalanuvchisi

Muallif haqida

JONNY Arduino, Java, C#, Android, Windows, Linux, Debian, Javascript. O'zbekistonni rivojlantiramiz! Dasturlash orqali vatanimizni yangi marralarga olib chiqamiz.


Blogdagi so‘nggi maqolalar:


Birinchi bo‘ling!

Iltimos, fikr bildirish uchun saytga kiring yoki ro‘yxatdan o‘ting!