yangi

G'alati savollar. Mijoz har doim haqmi?

G'alati savollar. Mijoz har doim haqmi?

Haridorlarga xizmatlarni taklif etish davomida yoki ularning qo'ng'iroqlariga javob berganimizda, ular tomonidan beriladigan, ko'p hollarda qaytariladigan, ba'zilari g'alati bo'lgan savollarga javob berishga majbur bo'lamiz. Ammo bizning holatda qisqa yoki qo'pol javobdan ko'ra, batafsil tushuntirish, haridorda ishonch paydo bo'lishiga olib keladi. Zero, ahmoqona ko'ringan savollar aslida haridorlar tomonidan nimanidir tasdiqlatish yoki ishonch hosil qilish uchun berilgan bo'ladi. Quyida biz ish jarayonida duch keladigan ba'zi g'alati savollarni va ularga berilishi kerak bo'lgan to'g'ri javoblarni taqdim etamiz:


1. Appteca programmaning narxi nechi pul?

Ko'p qaytariladigan savol. Qizig'i - savolni dasturimizning saytiga kirib chiqib, ma'lumotlarni batafsil o'qib chiqishgandan keyin ham berishadi. Aslida narxi qanchaligini yaxshi bilib turishadi, shunchaki o'tib berisharmikin degan maqsadda yana bir bor so'rab, aniqlashtirib olishadi. Narx haqidagi savolga eng to'g'ri javob - dasturning versiyalari, ularning narxlari, qo'yilgan narx ichiga yana qanday xizmatlar kirishi hamda qanday holda chegirma qilib berishni batafsil tushuntirishdir.

"Dastur narxlari haqida palon-piston.uz saytimizda ma'lumot olishingiz mumkin" - degan javob ruschasiga aytganda qiziquvchini "послать на самизнаетечто" qilish bilan barobardir.


2. Dastur ham pullik bo'larkanmi?

Hayriyatki, hozirgacha faqat 1ta haridor shu savolni berdi. Savoldan ham ma'lumki, kompyuter va texnikadan uzoq yuradigan haridor o'z aptekasiga dasturni o'rnatish majburiyatini olgani sababli, internetdan qiziqqan va bizni topgan. Javobimiz quyidagicha bo'lishi mumkin edi:

- Siz hali aptekangizdagi dorilarni pulga sotasizmi?

Ammo haridorning hazilni his qilish koeffitsientini telefon orqali bilib bo'lmasligi sababli, unga batafsil tushuntirdik:

- Biz dasturni oylar davomida ishlab chiqaramiz. Dasturni o'rnatib berganimizdan keyin bir yil davomida kafolatlangan texnik xizmat ko'rsatamiz. 6 oy davomida dasturning yangi versiyasi chiqqanda, bepul o'rnatib beramiz. Bularning barchasi dasturning narxiga kiradi.


3. Naqdda to'lasam chegirma qilib berasizlarmi?

Bunisi yaqin 1-2 yilda paydo bo'ldi va hozirgi kunda g'alati savol hisoblanmay qoldi. Savdogarlarning plastik karta bilan to'lovchilarga boshqa narx, naqd to'lovchilarga boshqa narx aytishi og'izdan quloqqa quloqdan og'izga va h.k. borib, soliq organlarining e'tiborini tortgan. Endilikda savdogarlar yoppasiga plastikka sotiladigan narxni aytishadi va tish orasidan naqd bo'lsa, palon so'm o'tib beramiz deyishadi. Naqdga chegirma haqidagi savol mana shu yerdan paydo bo'lgan.

Biz asosan kichik biznes subyektlariga xizmatlarimizni taklif qilganimiz sababli faqat pul o'tkazish yo'li bilan ishlaymiz. Haridorlarga javob berishda, dasturni faqat pul o'tkazish yo'li bilan sotib olishlarini va birnechta dastur harid qilishsa, chegirma taqdim etishimiz mumkinligini aytib o'tamiz. Ya'ni chegirmani naqd to'lov hisobiga emas, boshqa yo'l bilan taqdim etamiz.


4. Programmaning ishlashi yaxshimi o'zi?

"Yo'q, biz sizga hech kim ishlatmaydigan bo'lmag'ur dastur sotamiz!" - shunday deyishga, qo'pollik qilishga shoshilmang! :)

Haridor aslida boshqa narsani nazarda tutmoqda. U dasturning imkoniyatlari haqida bilishni istayapti, ammo savolni to'g'ri berish uchun uning lug'atida texnik jumlalar yo'q bo'lgani bois, ishlashining yaxshiligi haqida so'ray oldi xolos. Bu holda dasturning qanday qulayliklar keltirishi va qanday qilib savdo aylanmasini ko'paytira olishi haqida batafsil so'zlab berish kerak bo'ladi.


5. Boshqa joyga o'rnatinglarmi? Qayerga o'rnatdinglar?

Dasturni qayerga o'rnatilgani so'rovchiga ahamiyatli emas, unga dasturni sotib olganlarning fikrini bilish qiziq. Shu sababli dasturni qayerga o'rnatganimizni aytganimiz bilan bu qoniqarli javob bo'lmaydi. Eng to'g'ri javob - "Saytimizga kirib dasturni ishlatayotganlarning fikrlari bilan tanishib chiqishingiz mumkin".


6. Namuncha qimmat?

Saytimizda narxni ko'rib, keyin telefon qilib shu savolni berishsa, demak haridor shunchaki dasturning arzonroq muqobillaridan nimasi bilan afzalligini aniqlab olmoqchi. Uning baribir usha arzonini tanlashini bilsakda, unga dasturning qanday funksiyalari borligi haqida tushuntiramiz.


Hozircha shu.

Yana qaytaramiz, aslida g'alati savollar bo'lmaydi. Shunchaki haridorning nimani so'rayotganini aniqlab, savollarga batafsil javob berishimiz hamda o'z mahsulotimizni yaxshi tomonlarini ko'rsatib bera olishimiz kerak.

Omon bo'ling!

dastur mijoz apteka 24-Aprel 10:38 2389

Shermukhamedov Sherzod - Texnoman foydalanuvchisi

Muallif haqida

Shermukhamedov Sherzod


Qiziq bo‘ladi:


Birinchi bo‘ling!

Iltimos, fikr bildirish uchun saytga kiring yoki ro‘yxatdan o‘ting!