manba

Uber kompaniyasining muvaffaqiyati tarixi

Uber kompaniyasining muvaffaqiyati tarixi

Tarixdagi eng tez o'sayotgan kompaniya Uber 2009-yilda biznesmenlar Trevis Kalanik va Garret Kemp tomonidan yaratilgan. San-Fransiskodagi startap birinchi bo'lib taksi yoki shaxsiy haydovchi qidirish, chaqirish va to'lash uchun mo'ljallangan haqiqatan ishlaydigan va qulay bo'lgan mobil dasturni yaratdi.

Uber'ni ishlab chiqish g'oyasi 2008-yilda Parijdagi LeWeb anjumanida tug'ildi, o'shanda Kalanik 800 dollarga limuzinni haydovchisi bilan buyurtma qilgani haqida so'zlab bergan edi. Kemp uning narxidan hayratga tushdi va o'z g'oyasi bilan bo'lishdi: o'rtada pul to'plab mashina buyurtma qilish imkonini beruvchi dasturni yozish mumkin, shunda yo'lkira ancha arzon bo'ladi. 2009-yilda u Kalanik bilan birgalikda bitta tugmani bosib, shaxsiy haydovchi chaqirishga yordam beruvchi UberCab mobil dasturini yaratdi. O'shanda servisdan ularning San-Fransiskodagi do'stlari foydalanar va ko'pchilik unga jiddiy qaramasdi.

Endi esa dastur dunyoning 60 ta mamlakatida ishlaydi va doimiy ravishda mahalliy hukumatning qarshiligiga uchraydi: ular servisni noqonuniy tashuvlarni tashkillashtirishda ayblaydi. Kompaniya Amerikadagi eng ko'p sevilgan va nafratlangan startapga aylandi. Odamlar uni oddiyligi va qulayligi uchun yaxshi ko'radi, taksichilar esa kompaniya ishga tajribasiz haydovchilarni jalb etib, insonlar hayotini xavf ostiga qo'yayotganini aytmoqda. AQShning ba'zi shtatlarida Uber'ga ishlashni taqiqlashdi, boshqalarida esa u mahalliy taksilarni bozordan deyarli to'liq siqib chiqardi.

Dastlab Uber tizimida ishtirok etadigan haydovchilar faqat BMW 7 Series, Mercedes-Benz S550, Lincoln Town Car va Cadillac Escalade kabi premium avtomobillardan foydalanishi mumkin edi, biroq 2012-yilda avtomobillar ro'yxati ancha kengaytirildi.

2014-yilda San-Fransiskoda UberPool ishga tushdi — u bir xil yo'nalishda ketishi kerak bo'lgan ikki yo'lovchiga bitta mashinani buyurtma qilish imkonini beradi. Yo'l haqi ikkiga bo'linadi, boshqa hech qanday taksi bunday pul evaziga yurishga rozi bo'lmaydi.

Uber o'zi ishlaydigan shaharlarning o'ziga xos jihatlarini hisobga oladi. 2015-yil yozida Istanbulda Bosfor bo'g'ozi bo'ylab harakatlanish imkonini beruvchi UberBoat paydo bo'ldi.

Hozirda Uber'da nafaqat kompaniya ishlaydigan hududni geografik jihatdan kengaytirish, balki servislar funksionalini rivojlantirish bilan shug'ullanishmoqda. "Biz mashinani besh daqiqada yetkazib beramiz. Bu biz besh daqiqada boshqa biror narsani ham yetkaza olishimizni anglatadi", — dedi Kalanik.

Uber allaqachon taom yetkazib berish bo'yicha UberEats servisini taqdim etdi, u Amerikaning bir nechta shahrida, shuningdek, Barselonada ishlaydi. Nyu-Yorkda UberRush kuryerlik xizmati amal qiladi. May oyida kompaniya Pittsburgdagi ofisiga tadqiqotchilarni yolladi, u yerda o'z-o'zini boshqaruvchi mashinalarni joriy etish bo'yicha sinovlar o'tkazilmoqda.

Ko'rib turganingizdek, Uber'ning taksi sohasi va undan tashqarida ham katta rejalari bor. O'zbekistonda ham taksi chaqirish bo'yicha MyTaxi va Taxi.uz kabi mahalliy dasturlar mavjud.

Maqolani tayyorlashda quyidagi manbadan foydalanildi: http://secretmag.ru/longread/2015/10/06/uber-kalanick/

Loyiha "Daryo" va StartupFactory.uz tomonidan ishga tushirilgan.

Manba:


JONNY - Texnoman foydalanuvchisi

Muallif haqida

JONNY Arduino, Java, C#, Android, Windows, Linux, Debian, Javascript. O'zbekistonni rivojlantiramiz! Dasturlash orqali vatanimizni yangi marralarga olib chiqamiz.


Blogdagi so‘nggi maqolalar:


Birinchi bo‘ling!

Iltimos, fikr bildirish uchun saytga kiring yoki ro‘yxatdan o‘ting!