manba

Nima uchun Uznetda yangi “Afisha Media”lar paydo bo‘lmayapti?

Nima uchun Uznetda yangi “Afisha Media”lar paydo bo‘lmayapti?

Uznet, ya'ni Internetning O'zbekiston segmentida bir necha yildan beri faoliyat ko'rsatib kelayotgan hamda muvaffaqiyatga erishgan qaysi kompaniyani bilasiz? Shaxsan men biladiganim — "Afisha Media".

Bu kompaniya biz foydalanuvchilarga Gazeta.uz, Afisha.uz, Mover.uz kabi foydali, dolzarb va eng asosiysi, uzluksiz ishlab kelayotgan veb-saytlarni/loyihalarni taqdim etdi. Bu servislarning/kontent-loyihalarning har biri o'z yo'nalishida yetakchi, desam mubolag'a bo'lmaydi.

To'g'ri, "Afisha Media"ning Zor.uz, Staff.uz, mp3.uz kabi servislari Uznetda unchalik ham muvaffaqiyatga erisha olmayapti. Shunday bo'lsa-da, kompaniya ularning kelajagiga ishongan shekilli bu servislar haliyam mavjud. Mayli, bunisi kompaniyaning o'ziga havola.

O'zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra, 2013-yil 1-oktabr holatiga respublikamizdagi dasturiy ta'minot ishlab chiqish bilan shug'ullanuvchi xo'jalik subyektlari soni 264 tani tashkil qilgan. 2014-yil boshiga kelib bu ko'rsatkich 300 dan oshib ketganligiga shubham yo'q.

Xo'sh, menga aytingchi, Uznetda o'z servislari, loyihalari bilan tanilgan "Afisha Media"dan tashqari yana qaysi kompaniyani bilasiz? Bir ochilib, bir yopiluvchi Olam.uz'mi? Eng qiziq tomoni, oramizda mashhur bo'lgan ba'zi saytlarning egalari qaysi kompaniya ekanligini ko'pchiligimiz bilmaymiz ham.

2011-yilning avgust oyida Muhrim A'zamxo'jayev menga Muloqot.uz ijtimoiy tarmog'ida ro'yxatdan o'tish uchun taklif (invayt) yuborganida "Mana, Uznetda yana bitta yaxshi sayt paydo bo'larkan, buning ustiga o'zbekcha" deb rosa quvongandim. Hatto, uni ishlab chiqqan "Simple Networking Solutions" (nomi buncha uzun bo'lmasa J) kompaniyasida 5 oy ishlashga ham ulgurdim. Kompaniyaning ikkinchi loyihasi — Daryo.uz internet-nashri ishga tushishida ishtirok etganman.

Tan olish kerakki, bu kompaniya ham o'zining loyihalari bilan foydalanuvchilarning keng ommasini jalb qila olayotgani yo'q. Lekin, yaqin kelajakda mashhur bo'lib ketishiga umid bor.

Boshqalarchi? Ular nima qilishyapti? Javob oddiy — ular shunchaki mijoz uchun ishlashmoqda. Boshqa so'zlar bilan aytganda, bir qancha pul sarflab, kelajagi qorong'u bo'lgan o'z loyihasini ishlab chiqishdan ko'ra, tayyor mijozlarning buyurtmasini bajarib, pulini olish kifoya qilmoqda. Shu bilan ular uchun hayot bir tekisda davom etaveradi — juda kuchayib ham ketmaydi, yo'q bo'lib ham ketmaydi.

"Afisha Media"ni boshqalardan ajratib turadigan jihati ham ana shunda — ular mijoz uchun ishlamaydi, ular yakuniy foydalanuvchi, ya'ni biz uchun ishlaydi, loyihalari aynan bizga qaratilgan.

Shunday qilib, men bilgan IT-kompaniyalarning ichida faqat ikkitasi — "Afisha Media" va "Simple Networking Solutions" mijozning buyurtmasiga qarab qolmay, o'z servislarini rivojlantirishga qurbi yetadi va shunday qilishmoqda.

Ikkinchidan, AQSH va Yevropadagi ko'plab startaplar paydo bo'lganining ilk kunidanoq bitta loyiha ustida ish olib borishadi. Jamoasi unchalik katta emas, ofisi yo'q bo'lishi ham mumkin. O'sha bitta servisni ma'lum darajaga olib chiqib, yo biror kattaroq kompaniyaga sotadi yoki uning yoniga ikkinchi servisni ham qo'shib, kattalashishni boshlaydi.

Bizdachi, bizda ahvol umuman boshqacha:

Startap uchun hali g'oya mavjud bo'lmasidan yangi firma ochasiz, ijaraga ofis olasiz. Firmani 3-4 kishi birgalashib ochasiz, hammangiz qaysidir yo'nalishda direktorsiz, oddiy ishchining o'zi yo'q. Ozroq muddat o'tib, firma hisobraqamidagi pul tugaydi, ofis ijarasi, Internet va soliqlarni to'lash uchun pul kerak. Keyin, ularni qoplash uchun buyurtmaga mijoz qidirasiz. To'lovlarni o'z vaqtida amalga oshiraylik deb mijozning kamroq taklif qilgan puliga ham rozi bo'lishga majbur bo'lasiz. Ish kutilganidan uzoqqa cho'zilib ketadi. Ishga olingan xodimning oyligini to'lashga majbursiz. Shunday qilib, birinchi buyurtmadan qarz bilan chiqasiz.

Qarzni yopish uchun ikkinchi buyurtmani ham olishga majbur bo'lasiz. Buyurtma ham siz kutgan paytda tayyor turmaydi. Uni qidirasiz. Nihoyat, topdingiz. Muzokaralar paytida yana mijoz ustun keladi. Majburlikdan yana arzonroq narxga rozi bo'lasiz. Xullas, bu zanjir sizning sabr kosangiz yoki otangizning puli tugaguncha davom etadi. Pirovardida esa firmani yopib, qarzlardan qutulishni o'ylaysiz…

Yuqoridagi gaplarim judayam pessimistik ruhda yozilganiga e'tibor qaratmang. Hayotda yaxshi narsalar ham bor. Hammasi o'zingizga bog'liq. Biznes bilan shug'ullanishda shoshish yaxshi emas.

P.S. Bu blog post judayam qisqa muddatda yozilgani uchun fikrlar ayqash-chuyqash bo'lishi mumkin. Bu mavzudagi kengaytirilgan blog postni yozsam, albatta xabar qilaman.

Manba:


JONNY - Texnoman foydalanuvchisi

Muallif haqida

JONNY Arduino, Java, C#, Android, Windows, Linux, Debian, Javascript. O'zbekistonni rivojlantiramiz! Dasturlash orqali vatanimizni yangi marralarga olib chiqamiz.


Qiziq bo‘ladi:


Birinchi bo‘ling!

Iltimos, fikr bildirish uchun saytga kiring yoki ro‘yxatdan o‘ting!